12Iyn-2025
Said Ahmad (asl ismi Saidahmad Husanxoʻjaev; 1920-yil 10-iyun, — 2007-yil 5-dekabr) — mashhur oʻzbek adibi.
Said Ahmad (asl ismi Saidahmad Husanxoʻjaev; 1920-yil 10-iyun, — 2007-yil 5-dekabr) — mashhur oʻzbek adibi.
Hayoti
1920-yilning 10-iyunida Toshkent shahrining Samarqand darvoza mahallasida tugʻilgan. Uning bolaligi Elbek, Oybek, Gʻafur Gʻulom singari adiblar davrasida oʻtdi. Tabiatan qiziquvchan, tinib-tinchimas Said Ahmad adabiyotga kirib kelguncha juda koʻp sohalarda oʻzini sinab koʻrdi: agitplakatlar yozdi, artist boʻlishga urinib koʻrdi, doktorlik maktabida oʻqidi, qurilish texnikumida tahsil oldi, rassomlik maktabiga qatnadi, mashhur fotochi Pensonga shogird tushdi, gazetalarga xabarlar yozdi. U Nizomiy nomidagi pedinstitutda bir muddat oʻqigach, 1941-yilda „Mushtum“ jurnalida ishladi. 1942-1943-yillarda respublika radiosida, 1943-1947-yillarda „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida, 1948-1950-yillarda „Sharq yulduzi“ jurnalida mehnat qildi. 50-yillar boshida millatchi sifatida bir necha yil qamalib ham chiqdi. Milliy istiqlol yoʻlidagi xizmatlari uchun Said Ahmad 1999-yilda Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan. Adib „Oʻzbekiston xalq yozuvchisi“ unvoniga, Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan, „Buyuk xizmatlari uchun“, „Doʻstlik“ ordenlari bilan mukofotlangan.
Asarlari
Said Ahmad hikoyanavis sifatida tanilgan. Uning „Choʻl burguti“, „Lochin“, „Boʻston“, „Toʻyboshi“, „Jimjitlik“, „Turnalar“, „Hayqiriq“, „Alla“, „Muhabbatning tugʻilishi“, „Qorakoʻz Majnun“ singari oʻnlab hikoyalarida sadoqat, mehr, odamgarchilik, ishonch, eʼtiqod singari maʼnaviy qadriyatlar taʼsirchan aks ettirilgan. Adib hikoyalarida inson ruhiyati tovlanishlarini koʻrsatishga katta eʼtibor berganligi uchun ham bitganlari zavq bilan oʻqiladi va u prozaning shoiri hisoblanadi. Yozuvchi hajviy hikoyalar yaratish boʻyicha Qahhor anʼanalarini davom ettirgan ijodkordir. Uning „Sobiq“, „Qoplon“, „Oʻrik domla“, „Mening doʻstim Babbaev“, „Muzey“, „Boʻri ovi“, „Xandon pista“ kabi koʻplab hajviyalarida inson tabiatidagi qusurlar badiiy tatqiq etiladi. Said Ahmad hajviy soʻz jilolarini nozik payqaydi va undan mohirona foydalanadi.
Uning qishloq mavzusidagi „Qadrdon dalalar“ (1949), „Hukm“ (1958) qissalari, chalkash insoniy taqdirlar mahorat bilan aks ettirilgan „Qirq besh kun“, „Hijron kunlari“ (1964), „Ufq boʻsagʻasida“ (1969) romanlaridan iborat „Ufq“ trilogiyasi, inson qismati turgʻunlik davri qabohatlari fonida tasvirlangan „Jimjitlik“ (1988) romani, Bolalar hayoti ifodalangan „Sherzod va Gulshod“ (1945), dunyoning yetti burchiga yoyilgan „Kelinlar qoʻzgʻoloni“ (1976), yolgʻiz moʻysafidning ruhiy iztiroblari aks ettirilgan „Kuyov“ (1986) singari sahna asarlari adibning katta ijodiy mahoratlaridan dalolatdir.
Oilasi
Onasi Zulfiyaxon savodli va xusnixati chiroyli ayol edi. U Fuzuliy, Xuvaydo va Mashrab g’azallarini o’qirdilar. Muallif aytishicha, otasi mashhur pedagog va olim Ismoilbek Gasprinskiy bilan yaqin do’st bo’lgan. Xusanxo’ja Dadaxo’ja o’g’li rus tilini juda mukammal bilgan. U shoir Elbek bilan Chimyonda tanishib qolgan va Toshkentda boshpanasiz qiynalayotganini ko’rib, tashqi hovlisiga ko’chirib kelgan. 1938 yilning erta bahorida Xusanxo’jani NKVD xodimlari hibsga oladi. Shundan keyin muallif otasini ko’rmagan. 22 yil o’tgandan keyin otasi tergovda qazo qilganini bilgan.